YURTIMIZ YANADA CHIROY OCHIB, OBOD BO‘LMOQDA

Bu haqda ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Mamlakatimiz bo‘ylab "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari asosida keng ko‘lamdagi obodonchilik, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Aholining kam ta’minlangan, moddiy muhofazaga muhtoj qismiga alohida e’tibor qaratilib, zamonaviy namunaviy loyihalar asosida arzon va shinam uy-joylar bunyod etilmoqda. Bu esa aholining turmush tarzi, yashash sharoitlarini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etib, qishloqlar va shaharlardagi mahallalar chiroyi ochilib, husniga-husn qo‘shilmoqda. Ayniqsa, hududlarning me’moriy qiyofasi tubdan yangilanib, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha inshootlarini barpo etish yuzasidan belgilangan tadbirlar izchillik bilan bajarilmoqda. Xususan, kam ta’minlangan fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlashga yordam berilayotganligi, maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarini ta’mirlash, atroflarini obodonlashtirish yuzasidan qilinayotgan ishlar Prezidentimizning xalqimizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, e’tiborining yorqin ifodasi ekanligi amaliy ishlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Urganch shahrida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va texnologiyalari masalalari qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan konferensiyada ana shu xususda gap bordi.

Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Konferensiya ishtirokchilari voha markazi – Urganch shahridagi Muhammad al-Xorazmiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi.

Viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan konferensiyada viloyat hokimligi matbuot kotibi SH.Qarriev so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov ommaviy axborot vositalarida "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlarining yoritilishi va bu jarayonda ommaviy axborot vositalari xodimlarining faoliyati, tajribasi va mas’uliyati to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Bugungi kunda yurtimizning eng chekka qishloqlari, mahallalari kun sayin obod bo‘layotgani aniq misollarda tahlil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘taev amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi. Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi O‘.Matqurbonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi direktori Azamat Bekmurodov, Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Bekchanovalar ommaviy axborot vositalarida "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlari ijrosining yoritilishi, bu boradagi keng qamrovli faoliyatga alohida to‘xtaldilar.

Mavzu yuzasidan bahs- munozaralar bo‘ldi. "Inson va qonun" gazetasining Xorazm viloyatidagi muxbiri Abdulla Sobirov, "Xorazm haqiqati" va " Xorezmskaya pravda" gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri vazifasini bajaruvchi Soliyajon Rahimberganova, "Adolat" gazetasi bosh muharriri Islom Hamroev, "Milliy tiklanish" gazetasi bosh muharriri Behzod Norboev, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov, "O‘zbekiston ovozi" gazetasining viloyatdagi muxbiri Ro‘zimboy Hasanov, "Xorazm yoshlari" gazetasi muharriri o‘rinbosari Davlatnazar Ro‘zimatov va boshqalar mavzu yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalarini, shuningdek, ayni paytda ommaviy axborot nashrlariga 2019 yil uchun obuna ishlarini tashkil etish bilan bog‘liq takliflarini bildirdilar.

Tadbir doirasida bir guruh faol jurnalistlar O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, uyushma tomonidan Yangiariq tumani "Yangiariq ovozi" gazetasi tahririyatiga kompyuter jamlanmasi topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari Qo‘shko‘pir tumanidagi Oqdarband qishlog‘ida "Obod qishloq" dasturi ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishar ekanlar, bu erda qisqa muddatda bajarilgan va davom etayotgan bunyodkorlik ishlaridan mamnun bo‘lishdi.Oqdarband madaniyat va aholi dam olish markaziga yangi kitoblar sovg‘a qilindi.

 Qadimiy va navqiron Xivaning tarixiy yodgorliklari, bu shaharda Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan temir yo‘l va yangi vokzal binosini borib ko‘rishdi. Tez kunlarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining qurilishi tugallangan, zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan yangi binosi, bu erda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Ijodiy xodimlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi.

Xorazm viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan "Gumroh" spektaklini tomosha qilishdi.

 Konferensiya yakunida "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari ijrosini ommaviy axborot vositalarida yanada keng yoritish yuzasidan takliflar, tavsiyalar ishlab chiqildi.

Abdulla SAFOEV.

Xushnud XUDOYBERGANOV va muallif olgan suratlar.